O‘zbekistonda erkaklar o‘rtasida o‘rtacha umr ko‘rish 73 yoshni, ayollar o‘rtasida 77,5 yoshni tashkil etadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Mamlakatda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini ta’minlash, yoshlarga zamonaviy ta’lim-tarbiya berish, aholi salomatligini mustahkamlash borasida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda sohaga 230 trillion so‘m yo‘naltirildi. Natijada 187 ta yangi poliklinika va shifoxona foydalanishga topshirildi, 1 ming 244 ta obyekt rekonstruksiya qilindi va jihozlandi.
O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish erkaklar o‘rtasida 71 yoshdan 73 yoshga, ayollar o‘rtasida 76 yoshdan 77,5 yoshga uzaygan.
Bunday ulkan mehnat samarasi bo‘lgan ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod fidoyi tibbiyot xodimlarining munosib hissasi bor va biz ularga har qancha rahmat aytsak, arziydi, — dedi davlat rahbari.
Prezident davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlarga mukofotlarni topshirdi.