Sirdaryo va Namangan viloyatlarida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Guliston shahrida yashovchi fuqaro turmush o‘rtog‘i bilan Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan shaxs bilan oldindan til biriktirib, yashash xonasida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullangan. Taqiqlangan moddalar zakladkalar yordamida tarqatildi. Mutaxassislar narkologik laboratoriyadan 4 kg 373 gr mefedron, elektron tarozi va boshqa uskunalarni olib chiqqan.

Gumonlanuvchilar internet orqali MDH davlatlarida sintetik giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh a’zolari tomonidan xorijdan yuborilgan xomashyodan foydalanib, giyohvand moddalar tayyorlagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.