O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Timur Kapadze futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga murojaat qilib, uni egallab turgan lavozimidan ozod etishni so‘radi. Mutaxassis faoliyatini yangi bosqichda davom ettirish istagini bildirdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mutaxassis boshqa taklif olgan va ishni bosh murabbiy sifatida davom ettirish niyatida. O‘FA rahbariyati uning qarorini hurmat bilan qabul qildi, deyiladi xabarda.

2025-yilning yanvarida Timur Kapadze O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Uning qo‘l ostida jamoa JCH-2026 saralashida Qirg‘izistonni mag‘lub etib (1:0), Eron (2:2) va BAA (0:0) bilan durang o‘ynab, tarixda ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.