Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ekologik reydlar boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh ekologiya, hokimlik, sanitariya xizmati va FVV vakillari ishtirokida Toshkent shahri va poytaxt viloyatida, jumladan, Zangiota tumanida ekoreydlar o‘tkazib, issiqxonalar faoliyatini tekshirmoqda.
Sir emaski, sovuq tushishi bilan Toshkent shahrida havo sifati sezilarli darajada yomonlashmoqda — bu asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida, poytaxtga bevosita yaqin joyda joylashgan issiqxona xo‘jaliklari faoliyati bilan bog‘liq, — deyiladi xabarda.
Reydlar atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash, ekologik va sanitariya me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash, qoidabuzarlarga nisbatan choralar ko‘rish, shuningdek, bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.