Qonunchilik palatasi deputatlari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga oid qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jinoyat kodeksining 73-moddasida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar zimmasiga vaqti-vaqti bilan nazorat qiluvchi organlarga ro‘yxatdan o‘tish uchun kelish majburiyatini yuklash imkoniyati kiritilmoqda. Bu jazoni o‘tashdan shartli ozod qilingan shaxslar ustidan tizimli va samarali nazorat o‘rnatish imkoniyatini yaratadi.
Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi 28-1-bob bilan to‘ldirilib, unda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan probatsiya nazoratini amalga oshirish tartibi va asoslari, bunday shaxslar nazorat talablarini buzgan taqdirda ularga qo‘shimcha majburiyatlar yuklash yoki ularni jazoni o‘tash uchun takroran yuborish, shu jumladan shaxsni ayrim majburiyatlardan ozod qilish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritish tartibi belgilanmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasi probatsiya tizimining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi va uning faoliyatini samarali tashkil etish imkonini yaratadi.