Yangi Toshkentda 55 ming kishiga mo‘ljallangan futbol stadioni qurilishi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Yangi Toshkentdagi futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Oktyabr oyida FIFA kengashi 2027-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Har bir mamlakatda chempionat o‘yinlari uchta stadionda o‘tkaziladi. Final va yarim final 50 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan stadionda o‘tkazilishi kerak — bu FIFA talablaridan biri.
Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha — Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz. Qiymati 100 million dollarlik ushbu stadion qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi, — dedi davlatimiz rahbari.
Yangi Toshkentdagi barcha loyihalar yagona konsepsiya — zamonaviy arxitektura yondashuvi va milliy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish, ekologiya va “aqlli boshqaruv”ga urg‘u berish asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu konsepsiya asosida barpo etilayotgan yangi stadion tabiiy muhitga uyg‘unlashib, “yashil energiya”, “aqlli boshqaruv” va qulay shahar muhitini yaratish tamoyillari asosida quriladi.
Stadion FIFAning barcha talablariga mos ravishda quriladi va Osiyodagi eng yirik va texnologik futbol inshootlaridan biriga aylanadi. Inshoot nafaqat 2027-yilgi U-20 Jahon chempionati uchun ishlaydi, balki o‘nlab yillar davomida butun o‘zbek futboli va yoshlar sporti rivojlanishining drayveriga aylanadi.
U-20 jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida alohida davlat dasturi tasdiqlanib, unda infratuzilma, transport, mehmonxona xizmati, tibbiyot va volontyorlik harakati bo‘yicha vazifalar belgilanadi. Tadbir yakunida prezident stadion poydevoriga kapsula qo‘yib, uning qurilishiga start berdi.