O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiya elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat migratsiyasini tartibga solish masalalarini muhokama qildilar. “Pilot loyiha”ni qayta tiklash, jumladan, migratsiya jarayonlarini mamlakatga ko‘chirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, Toshkent va Jizzaxdagi Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallarida rus tilidan imtihon topshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining tili, tarixi va qonunchiligini o‘rganish markazlarini ochish, rossiyalik o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini O‘zbekistonda professional ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Migratsiya reydlari davomida O‘zbekiston fuqarolari, huquqbuzarlar va qonunga itoatkor shaxslarning huquqlarini kamsitish yoki buzishning har qanday ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar migratsiya oqimlarini tartibga solish bo‘yicha yuzaga kelayotgan vazifalarni tezkorlik bilan hal qilish uchun tuzilgan ishchi guruhning uchrashuvlarini muntazam ravishda o‘tkazishga kelishib oldi.