O‘zbekistonda “Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.

Ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizda giyohvandlik va narkotrafikning oldini olish, tizim faoliyatini ilm-fan yutuqlari asosida takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, narkojinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari hamda fidoyi fuqarolar rag‘batlantiriladi.

Ko‘krak nishonining markazida jaholat ustidan g‘alaba qozongan nur kabi porlab turgan daraxt tasvirlangan. Chap tomonda yashil emal fonida sog‘lom turmush tarzi ramzi sifatida ochilayotgan novdalar va erkin uchayotgan qushlar tasvirlangan. O‘ng tomondagi qora emal fonida ma’naviy tanazzulni ifodalovchi qurigan shoxlar, shuningdek, yirtqichlar va ularning izlari ko‘rsatilgan.

Hujjat bilan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga nomzodlarni baholash mezonlari belgilandi. Ularning har biri uchun ball beriladi. Eng yuqori ball to‘plagan nomzod ko‘krak nishoni olishga eng munosib nomzod sifatida tavsiya etiladi. Ko‘krak nishoni har yili 26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni arafasida O‘zbekiston bosh vaziri tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.