Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 14-16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidagi asosiy mavzu — savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, madaniy-gumanitar loyihalar kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish. Mintaqaviy va global siyosatning dolzarb masalalari, ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi.

Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va qator qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, O‘zbekiston—Qozog‘iston strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan. Qozog‘iston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.