Rossiyada migrantlarni biometrik identifikatsiya qilish amaliyoti kengaytiriladi. Bu haqda Rossiya IIV rahbari Vladimir Kolokolsev ma’lum qildi.

Bugungi kunda mamlakatga kirishda xorijliklarni biometrik identifikatsiya qilishning eksperimental tartibining joriy etilishi soxta hujjatlar bilan Rossiyaga kirishga urinayotganlar uchun to‘siq bo‘ldi. Yaqin kelajakda bunday amaliyot yanada kengayadi.

Kolokolsevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda “Noqonuniy” operatsiyasi yakunlari sarhisob qilinmoqda. Uning natijalari migratsiya oqimlarini tartibga solishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizning samaradorligini ko‘rsatmoqda. Texnik vositalar, jumladan, yuzni aniqlash funksiyasiga ega videokuzatuv majmualari qoidabuzarlarga politsiya xodimlarining e’tiboridan uzoq vaqt chetda qolish imkoniyatini qoldirmaydi, — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Vladimir Kolokolsev Rossiya yetakchisi Vladimir Putin kelgusi besh yilga mo‘ljallangan migratsiya sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlaganini eslatdi. Tegishli hujjatda milliy xavfsizlikka ustuvor ahamiyat berilgan.

Bu shuni anglatadiki, sizning mintaqangizga kelgan chet elliklar u yerda nazoratsiz qolmasligi kerak. Aks holda, ular jamiyatda keskinlik va millatlararo nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Odatda, aynan shunday shaxslar huquq-tartibotni buzadi, tajovuzkorlik ko‘rsatadi va jinoiy faoliyat olib boradi, — dedi u.