Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 106 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 58 ta issiqxona xo‘jaligiga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-fevraldagi 59-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida issiqxona xo‘jaliklari, ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlar faoliyatidan atmosfera havosiga chiqarilayotgan tutun, chang va zaharli gazlar hajmini kamaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan 300 dan ortiq mutaxassisdan iborat ishchi guruhlar tuzilgan. Ular tomonidan poytaxt mintaqasida joylashgan issiqxona xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari zavodlari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, ijtimoiy obyektlar to‘liq hisobga olingan.
Nazorat tadbirlari davomida 4 869 ta obyekt, shundan 595 ta issiqxona xo‘jaliklari (Toshkent viloyatida 381 ta va Toshkent shahrida 214 ta), 2 265 ta ijtimoiy obyektlar va 1 998 ta sanoat korxonalari va qurilish materiallari zavodlari o‘rganildi. Barcha obyektlarda profilaktik va tushuntirish ishlari olib borildi.
Tekshiruvlar davomida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi. Ayrim korxonalarda atmosferaga zararli kimyoviy, fizikaviy va biologik moddalar chiqarish holatlari qayd etilgan. Aniqlangan har bir holat bo‘yicha bunday huquqbuzarliklarning oldini olish va kamaytirishga qaratilgan qat’iy choralar ko‘rildi.
Xususan, tutun chiqarish qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun 58 ta issiqxona xo‘jaligi egalari ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 106 ta xo‘jalik faoliyati to‘xtatilgan, 387 ta xo‘jalik faoliyatini ekologik talablarga muvofiqlashtirish, plyonka, avtomobil shinalari va o‘simlik qoldiqlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha rasmiy ogohlantirishlar berilgan. Nazorat tadbirlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.