Toshkentning ayrim ko‘chalarida transport harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 14-17 noyabr kunlari poytaxtda bir qator yirik xalqaro tadbirlar o‘tkaziladi. Tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalari harakati vaqtincha va qisman cheklanadi. Qulaylik uchun muqobil yo‘nalishlarda aylanma harakat tashkil etiladi.
Xususan:
- 15-noyabr kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy va Qorasaroy ko‘chalari kesishmasidan Qorasaroy ko‘chasi bo‘ylab Nurafshon va Qorasaroy ko‘chalari kesishmasigacha harakatlanish to‘xtatiladi, haydovchilar Qorasaroy ko‘chasidan KXAYga va Nurafshon ko‘chasidan Sebzor ko‘chasi bo‘ylab harakatlanishlari mumkin;
- 15-noyabr kuni soat 14:00 dan 19:00 gacha Abdulla Qodiriy va Gang ko‘prigi kesishmasidan Abdulla Qodiriy, Qorasaroy va Zarqaynar ko‘chalari chorrahasigacha bo‘lgan transport harakati to‘xtatiladi, haydovchilar Sebzor va Nurafshon ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishlari mumkin;
- 16-noyabr kuni soat 09:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov—Furqat chorrahasidan Furqat ko‘chasining ikkinchi darajali yo‘li bo‘ylab Xadra maydonigacha harakatlanish to‘xtatiladi, haydovchilar Alisher Navoiy va Islom Karimov ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishlari mumkin bo‘ladi;
- 16-noyabr kuni soat 10:00 dan 15:00 gacha Islom Karimov va Botir Zokirov ko‘chalari chorrahasidan Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab Islom Karimov va Furqat ko‘chalari kesishmasigacha vaqti-vaqti bilan transport vositalari harakati qisman to‘xtatiladi, haydovchilar Botir Zokirov—Alisher Navoiy va Olmazor—Beshyog‘och ko‘chalari bo‘ylab Furqat ko‘chasiga o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 14-17-noyabr kunlari Toshkent shahriga yuk tashuvchi avtotransport vositalarining kirishi cheklanadi. Shaharning markaziy qismida yuk mashinalari harakati butunlay to‘xtatiladi. Farg‘ona vodiysidan janubiy viloyatlarga borish va qaytish D-012 avtomagistrali orqali amalga oshiriladi.