Xalqaro test agentligi boks bo‘yicha Olimpiada chempioni Lazizbek Mullojonovni uch yilga musobaqalardan chetlatdi. Bu haqda ITA matbuot xizmati xabar bermoqda.
Musobaqadan tashqari davrda olingan namuna taqiqlangan modda — metasteron metabolitlari uchun ijobiy natija berdi.
Metasteron Butunjahon antidoping agentligining taqiqlangan ro‘yxatiga kiritilgan va S1.1 — anabolik androgen steroidlar toifasiga kiradi. U har qanday vaqtda taqiqlangan va noma’lum moddalar qatoriga kiradi. Metasteron mushaklarning o‘sishi va kuchini oshiradigan sintetik anabolik steroiddir.
Sportchi antidoping qoidalarini buzganlik uchun tayinlangan oqibatlarga rozi bo‘ldi va o‘z qoidabuzarligiga e’tiroz bildirmadi.
Aybini erta tan olgani uchun sportchi musobaqalarda ishtirok etish taqiqi muddatini bir yilga qisqartirish huquqiga ega bo‘ldi. Shu tariqa, unga to‘rt yil o‘rniga uch yillik taqiq muddati — 2025-yil 22-iyuldan 2028-yil 21-iyulgacha — belgilandi, deyiladi xabarda.
Bunda sportchining 2025-yil 11-iyundan (namuna olingan sana) 2025-yil 22-iyulga (vaqtincha chetlashtirilgan sana) qadar bo‘lgan davrdagi natijalari bekor qilinadi.