O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Litvaning O‘zbekistondagi elchisi Egidiyus Navikas bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar mehnat migratsiyasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalarini, jumladan, hukumatlararo bitimlarni imzolashni tezlashtirish, konsullik maslahatlashuvlarini tashkil etish, shuningdek, noqonuniy migratsiya va radikallashuvga qarshi kurashish choralarini muhokama qilgan.

Tomonlar doimiy muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib oldi.