15–16-noyabr kunlari Toshkent shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sammit ishida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etadi.

Tadbir kun tartibidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, ustuvor sohalarda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan. Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Maslahat uchrashuvi yakunida ko‘p tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan. Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.

O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi davrida hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi 20 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi.