YIDXPda Toshkent shahri bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishish xizmati joriy etildi.

Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun my.gov.uz portali orqali ariza berishda buyurtmachilar qo‘shimcha ravishda quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishlari kerak:

  • binolar soni;
  • qavatlar soni;
  • qurilish maydoni;
  • umumiy maydon.

Kiritilgan ma’lumotlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali Toshkent shahri bosh rejasining shaharsozlik normalari bilan inson omilisiz avtomatik tarzda taqqoslanadi.

Agar ko‘rsatkichlar Toshkent shahrining bosh rejasi talablariga mos kelsa, ariza keyingi bosqichga o‘tadi. Agar yo‘q bo‘lsa, u jo‘natilmaydi va foydalanuvchi bu haqda xabarnoma oladi. Xizmat narxi — 0,45 BHM (185 400 so‘m). Xizmat 14 ish kuni davomida ko‘rsatiladi.

Ushbu xizmat yer uchastkasi maydonining o‘lchamidan qat’i nazar, barcha turdagi binolar, inshootlar, yakka tartibdagi uy-joylar, ko‘p kvartirali uylar, suv ta’minoti, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash tizimlari, gidrotexnika inshootlari va boshqa obyektlar loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishish uchun qo‘llaniladi.