Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni ko‘mir qazib olish bo‘yicha erishilgan natijalar va galdagi vazifalar taqdimoti bilan tanishdi.
2024–2025-yillar kuz-qish mavsumida qariyb 8,7 million tonna ko‘mir qazib olinib, issiqlik elektr stansiyalari, budjet tashkilotlari va aholiga yetkazib berildi. Joriy mavsumda 10 million tonna ko‘mir sarflash rejalashtirilgan. Buning uchun “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, tarmoqda qo‘shimcha ishlab chiqaruvchilar faoliyati uchun sharoit yaratildi.
Prezident mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Davlatimiz rahbari korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi quvvatlarni ishga tushirish, sohada bozor tamoyillari va raqobatni rivojlantirish orqali mahsulot tannarxini kamaytirish muhimligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda “O‘zbekko‘mir” ko‘mir qazib olish bo‘yicha rekord ko‘rsatkich — 6,7 million tonnaga erishib, ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga oshirdi. “Angren” va “Apartak” konlari asosiy hissa qo‘shib, mos ravishda 5,5 mln va 1,2 mln tonnadan ortiq mahsulot qazib oldi.