Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning Nyu-York shahri meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv havo sifatining keskin yomonlashishi va atmosferada muallaq turgan, ba’zan quyoshni to‘sib qo‘yadigan smog fonida bo‘lib o‘tdi. O‘zgidromet aholidan uydan chiqmaslikni va niqob taqishni tavsiya qilmoqda. Vaziyat, birinchi navbatda, yurak-qon tomir va nafas olish tizimlari uchun katta xavf tug‘diradi.
Shunga qaramay, yil oxirigacha shahar meri lavozimini tark etadigan Erik Adams O‘zbekiston poytaxtiga keldi. Hokimlik matbuot xizmatining xabar berishicha, shaharlar rahbarlari “megapolislarni rivojlantirishning dolzarb masalalari”ni muhokama qilgan, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha tajriba almashgan, shuningdek, Toshkent va Nyu-York o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqqan.
Hokim delegatsiyani “Toshkentni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi”ning asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Yirik shaharsozlik va investitsiya loyihalari — “Yangi Toshkent”, “Yangi avlod” sanoat zonasini barpo etish va yangi jamoat joylarini rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi.

Hokimlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Erik Adams o‘zgarishlar ko‘lami va o‘zgarishlar dinamikasidan hayratga tushib, Toshkentning rivojlanishi “to‘g‘ri yo‘nalishda” ketayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar shaharlarni kompleks rivojlantirish, madaniyat, innovatsiyalar va iqtisodiyot sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun asos bo‘ladigan Toshkent va Nyu-York shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishib oldi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni muhofaza qilish siyosatini tubdan o‘zgartirish to‘g‘risida farmon chiqargani, kuch ishlatish vakolatiga ega ekologiya politsiyasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.