Shavkat Mirziyoyev Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Respublika hukumati turizmni iqtisodiyotning strategik muhim tarmog‘i sifatida rasman e’lon qiladi. 2030-yilga qadar turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini hozirgi 3,5 foizdan 7 foizga yetkazish, yillik xorijiy turistlar sonini hozirgi 10 million nafardan 20 million nafarga yetkazish, jumladan, to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan turistlar oqimini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda O‘zbekiston bir tomonlama tartibda mamlakat hududiga kirish va bo‘lish tartib-taomillarini soddalashtiradigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha loyihani taqdim etishi kerak.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi sayyohlik yo‘nalishi sifatida keng ko‘lamli piar-kampaniya, shu jumladan, aholi faol sayohat qiladigan mamlakatlarda maqsadli reklama orqali amalga oshirilishi kutilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonga eng ko‘p Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkiyadan sayyohlar tashrif buyurishi, ular kuniga o‘rtacha 300 dollar atrofida pul sarflashi haqida xabar berilgandi.