21-noyabr kuni O‘zgidromet matbuot xizmati O‘zbekiston va xususan, Toshkent shahri bo‘yicha havo sifati yomonlashgani yuzasidan murojaat e’lon qildi.

Sinoptiklar ma’lumotlariga ko‘ra, salbiy ob-havo ta’siri 24-noyabrgacha davom etishi mumkin, mayda dispers zarrachalarning saqlanib qolishi ma’lum darajada tabiiy va mavsumiy hodisa bo‘lib, vaziyat stixiyali, vaqtinchalik va mavsumiy xarakterga ega.

Ob-havo barqarorlashishi bilan havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, — O‘zgidromet.

Vaziyat bir vaqtning o‘zida kuchaygan bir nechta tabiiy omillar bilan bog‘liq.

  • haroratning keskin o‘zgarishi va inversiya. Sovuq havo pastda, iliq havo yuqorida qoladi va havo qatlamlari aralashmaydi. Shuning uchun mayda dispers zarrachalar havoning pastki qatlamida to‘planadi va qisqa vaqt ichida ularning konsentratsiyasi keskin ortadi. Bu jarayon Toshkent, Olmaota, Bishkek, Dushanbe kabi shaharlarda har yili noyabrdan fevralgacha kuzatiladi.
  • noyabr oyining boshidan buyon Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘madi, yog‘ingarchilik miqdori esa iqlimiy me’yordan ancha past bo‘ldi. Yog‘ingarchilikning yo‘qligi mayda dispers zarrachalarning havodan tabiiy ravishda yuvilib ketishiga to‘sqinlik qiladi va ularning atmosferada uzoq vaqt saqlanishiga olib keladi.
  • cho‘llanish jarayonining kuchayishi va arid (cho‘l) iqlimining rivojlanishi. Arid jarayonlar, o‘simliklar qoplamining qisqarishi va global isish ta’sirida tabiiy chang hosil bo‘lishi kuchaymoqda. Bu yil changlanish odatdagidan kuchliroq bo‘ldi, hatto kuchsiz shamolli kunlarda ham, bu esa PM 10 indeksining oshishiga olib keldi.

Barcha vakolatli davlat organlari vaziyatni doimiy monitoring qilib, aniq tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. O‘zgidromet aholini tezkor xabardor qilishni davom ettirishga va’da bermoqda.