O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati paxta yetishtirishda yangicha yondashuv joriy etilganini ma’lum qildi.
Paxtachilikda ekologik barqarorlikni mustahkamlash va xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarish tizimini shakllantirish yo‘lidagi yirik tashabbus Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi (ICAC) va Bizpando kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Regenerativ texnologiyalarni keng joriy etish loyihasi boshlandi. Dasturda 55 ming gektar maydonda zamonaviy va ekologik toza dehqonchilik usullarini sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Vashingtonga tashrifi chog‘ida ICAC bilan hamkorlik memorandumini imzolagan edi. Hujjat barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tuproq unumdorligini oshirish va uglerod standartlarini joriy etishda keng hamkorlikni nazarda tutadi.
ICAC ekspertlari Toshkent va Jizzaxda o‘quv seminarlarini o‘tkazib, fermerlar va mutaxassislarga regenerativ dehqonchilikning mazmuni, afzalliklari va xalqaro tajribani amalda tushuntirdilar. Hozirgi vaqtda uglerod izini baholash uchun akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarni aniqlash jarayoni ham olib borilmoqda.
Loyiha doirasida uglerod to‘lovlari tizimi joriy etilishi kutilmoqda. Noyabr oyida 80 dan ortiq mutaxassis va fermerlar uchun uglerod kreditlarini hujjatlashtirish va tekshirish bo‘yicha maxsus treninglar tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda paxtachilikda regenerativ texnologiyalarni keng qo‘llash tuproq resurslaridan samarali foydalanish, ekologik yukni kamaytirish va paxta sifatini oshirishga yordam beradi, — deyiladi xabarda.