Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni tashqi siyosat idoralari rahbarlari strategik muloqotining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tashqi ishlar bo‘yicha komissiya devoni rahbari, tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni qariyb 5 mingtani tashkil qilmoqda, yil boshidan buyon Xitoydan salkam 15 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Texnologik sheriklik loyihalarining portfeli 90 milliard dollarga yaqinlashdi.
Yuqori texnologiyalar, “yashil” va atom energetikasi, sun’iy intellekt, transport, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, geologiya, kimyo va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu yilning noyabr oyi oxirida O‘zbekistonda bo‘lajak Xitoy madaniyati kunlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.