Ekologiya qo‘mitasida tun-u kun ishlaydigan tezkor shtab tashkil etilib, Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kirishdi.

Jarayonda olimlar, energetiklar, ekologlar, obodonlashtirish xizmatlari, qurilish sohasi vakillari ishtirok etmoqda.

  • Mintaqaning iqlimi va mavjud resurslarni hisobga olgan holda turli yondashuvlar shakllantirilmoqda.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov so‘nggi yillarda Toshkent qurg‘oqchil hududga aylanib borayotganini ta’kidladi. Qurg‘oqchilik so‘nggi 170-yildagi eng uzoq davom etgan qurg‘oqchilik bo‘ldi — bu 1917-yildan keyingi eng qurg‘oqchil yil bo‘ldi. Bu havodagi chang va ifloslantiruvchi moddalar hajmini oshiradi.

Bugun Toshkentda havo sifatini yaxshilash maqsadida ertalab va tushdan keyin ko‘chalarda sug‘orish va suv sepish ishlari olib borilmoqda. Yirik sanoat korxonalariga ogohlantirishlar yuborildi va filtrlar o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda, shuningdek, ayrim ishlab chiqarishlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Qurilish maydonlarida qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Issiqxona xo‘jaliklari masalasida kecha-yu kunduz reydlar o‘tkazilmoqda, rasmiylar issiqxona xo‘jaliklarini gaz bilan ta’minlash bo‘yicha cheklovlarni qayta ko‘rib chiqmoqda.

Bundan tashqari, shaharda yangi suv havzalari barpo etish, sun’iy suv purkagichlar o‘rnatish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Eski favvoralarni tiklash va yangilarini qurish bo‘yicha qaror loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Yashil hududlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilib, daraxt kesishga cheklovlar kuchaytirildi.

Avvalroq sinoptiklar havo ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyatni stixiyali, ammo tabiiy va mavsumiy deb atagandi. 24-noyabrga kelib ob-havo sharoiti o‘zgaradi.