Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi sanoat korxonalariga joriy yilning 1 dekabriga qadar atmosfera havosiga zararli tashlamalar hajmini ikki baravarga qisqartirish majburiyatini yukladi. Idora ogohlantirishicha, ushbu talabni e’tiborsiz qoldirgan kompaniyalar 10 ish kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtincha to‘xtatilishi, ayrim hollarda esa qo‘mita qarori bilan tugatilishi mumkin.
Ekologik majburiyatlarni bajarmagan tashkilotlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks normalariga muvofiq choralar ko‘riladi. Havoning ifloslanishiga sabab bo‘lgan korxonalar Jinoyat kodeksi doirasida jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.
Prezidentning 81-sonli farmoni va Vazirlar Mahkamasining 783-sonli qaroriga ko‘ra, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish darajasi bo‘yicha I toifaga (2026 yil 1 yanvargacha) va II toifaga (2026 yil 1 iyulgacha) kiritilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar bir qator majburiy talablarni bajarishi kerak. Ular orasida:
-
ma’lumotlarni ekologik organlar tizimlariga integratsiya qilgan holda chiqindilarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish;
-
yuqori samarali chang-gaz tozalash qurilmalari va lokal tozalash inshootlarini o‘rnatish, shuningdek, mavjud tizimlarni modernizatsiya qilish;
-
sanitariya-muhofaza zonalarini statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash.
Agar korxonalar ushbu me’yorlarni bajarmasa, ularga nisbatan ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari besh baravar miqdorda qo‘llaniladi.
Qo‘mita eslatishicha, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning moddalari korxonalarga noqulay ob-havo sharoitlarida ifloslantiruvchi moddalar chiqarishni kamaytirish yoki butunlay to‘xtatish majburiyatini yuklaydi.
Shuningdek, qurilish kompaniyalariga obyektlarda ekologik me’yorlarga qat’iy rioya qilish buyurildi. Majburiy talablar orasida:
-
ishlar vaqtida chang hosil bo‘lishining oldini olish;
-
qurilish maydonlariga kirish va chiqish joylarida sug‘orish tizimlari va osma purkagichlarni o‘rnatish;
-
texnika g‘ildiraklarini majburiy yuvish punktlarini tashkil etish;
-
chang tarqalishini kamaytirish uchun maydonchalarni to‘siqlar va himoya qoplamalari bilan jihozlash.
Ushbu qoidalar buzilgan taqdirda jarimalar, faoliyatni 10 ish kunigacha cheklash yoki butunlay to‘xtatish qo‘llanilishi mumkin.