Farg‘ona viloyatida Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari ekologiya inspektoriga kuch ishlatgani aks etgan video e’lon qilingach, janjal kelib chiqdi.
Inspektor aholi murojaatidan so‘ng voqea joyiga borib, daraxt noqonuniy kesilganini qayd etgan. U qonunbuzarlik to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirmoqchi bo‘ldi, ammo tomonlar o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi.
Ekologiya qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, hokim o‘rinbosari Saidali Xizirov inspektor Ahrorjon Niyozovga bosim o‘tkazib, huquq-tartibot idoralari xodimlari ko‘magida uni tuman IIBga olib borgan.
Farg‘ona viloyati IIB ekologiya inspektorlari bo‘limga olib kelingani haqidagi xabarni rad etdi, hozirda holatni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzilgan.
Hokimlik ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlanganini ma’lum qildi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinadi va qo‘shimcha xabar beriladi.