Toshkent shahri va unga tutash tumanlardagi barcha issiqxonalar tabiiy gaz bilan isitishga o‘tkaziladi. Bu prezidentning yangi farmonida ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning asosida poytaxtda shoshilinch ekologik chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etildi.
Komissiyaning birinchi qarori Toshkent atrofida joylashgan va shinalar, axlat, mazut va boshqa chiqindilarning yonishi tufayli havoga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan barcha issiqxonalarni vaqtincha yopish bo‘ldi.
Issiqxonalarga gaz ta’minoti bir haftadan keyin tiklanishiga va’da berilmoqda, biroq chiqindilardan yoqilg‘i sifatida takroran foydalanilsa, ularga nisbatan qattiqroq sanksiyalar qo‘llaniladi. Maydoni 200 kv. metrgacha bo‘lgan issiqxonalar uchun jarimalar yuridik shaxslar uchun 5 baravar, jismoniy shaxslar uchun esa 3 baravar oshadi. Maydoni 200 kv. metrdan ortiq bo‘lgan issiqxonalar uchun davlat foydasiga musodara qilinishi mumkin bo‘lgan jinoiy javobgarlik joriy etiladi.
Energetika vazirligiga bir hafta muddatda issiqxona xo‘jaliklari bilan tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzib, uzluksiz gaz ta’minotini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Maxsus komissiya tarkibi ham shakllantirildi: unga Milliy ekologiya qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov rahbarlik qiladi, shuningdek, Toshkent shahar hokimi va bir qator vazirlar kiradi.