Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaga sanoat, transport, issiqlik ta’minoti va qurilishda cheklovlar joriy etish kabi vakolatlar kengaytirildi. Tegishli choralar prezidentning yangi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda aytilishicha, tabiiy changlanish kuchaygan davrda komissiya havo sifatiga ta’sir ko‘rsatadigan obyektlar faoliyatini cheklashi yoki to‘xtatishi mumkin. Ehtimoliy chora-tadbirlar qatorida Toshkentda yuk mashinalari harakatini vaqtincha taqiqlash va avtomobillar uchun raqam belgisiga muvofiq juft va toq sanalar bo‘yicha harakatlanish rejimini joriy etish (elektromobillar bundan mustasno).

Komissiya, shuningdek, harakati cheklanadigan transport turlarini va bunday choralar joriy etiladigan shahar uchastkalarini belgilashga haqli. Bundan tashqari, unga ifloslantiruvchi moddalar chiqaradigan issiqxonalar va boshqa obyektlar faoliyatini vaqtincha yoki butunlay to‘xtatish huquqi berilgan.

Komissiyaning vakolatlariga quyidagilar kiradi:
– Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko‘chirilishi lozim bo‘lgan sanoat korxonalari va zonalarini belgilash;
– atrof-muhitga chiqariladigan tashlamalarning yo‘l qo‘yiladigan normalarini belgilash va ekologik talablarni buzayotgan korxonalar ishini to‘xtatib qo‘yish;
– qurilish obyektlari uchun qoidalarni kuchaytirish, shu jumladan changni bostirish uskunalarini majburiy o‘rnatish;
– ekologik normalarni ijro etish uchun davlat idoralari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harakatlarini muvofiqlashtirish;
– daryolar, kanallar va ariqlarning qirg‘oqbo‘yi himoya zonalarida qurilishlarni taqiqlash.

Avvalroq Toshkent atrofidagi issiqxonalar vaqtincha yopilgani va bir hafta ichida tabiiy gazga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Energetika vazirligiga ularni uzluksiz gaz bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.