Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjatda poytaxtda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadigan maxsus komissiya tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bir kun avval Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya rahbariyati va tegishli idoralar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Muhokama chog‘ida havo sifatining yomonlashuvi poytaxt aholisini haqli ravishda tashvishga solayotgani, tezkor va kelishilgan harakatlarni talab qilayotgani ta’kidlandi.

Saida Mirziyoyeva mutasaddi rahbarlarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, shuningdek, jamoatchilik ishtirokida shakllantirilayotgan takliflar yuzasidan hisobotlarini tingladi. Ishtirokchilar ifloslanishning asosiy omillarini va aholi salomatligi hamda shahar ekologiyasiga salbiy ta’sirni kamaytirishning mumkin bo‘lgan variantlarini batafsil tahlil qildi.

Ekologik me’yorlar buzilgan hollarda ifloslantiruvchi ishlab chiqarishlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi, chunki fuqarolarning sog‘lig‘i na davlat, na biznes uchun murosa predmeti bo‘lishi mumkin emas.

So‘nggi kunlarda tezkor rejimda tayyorlangan ekspert materiallariga tayangan holda, Saida Mirziyoyeva yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan takliflar to‘plamini taqdim etdi. Ular kelajakda bunday holatlar takrorlanmasligi uchun tezkor choralar va tizimli o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.

Taqdim etilgan tashabbuslar orasida ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi korxonalar faoliyatiga cheklovlar joriy etish, qurilish talablarini kuchaytirish, poytaxtni keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini monitoring qilishning zamonaviy tizimini yaratish kabilar bor. Ushbu chora-tadbirlar yaqin vaqt ichida davlat rahbariga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan yangi prezident farmoni loyihasiga asos bo‘ladi.