Toshkentda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi binosi kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Obyekt 58,61 mlrd so‘mga baholangan, deyiladi E-auksion platformasi ma’lumotida.
Bino Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasida joylashgan. U 1956-yilda qurilgan, to‘rt qavatli va maydoni 4075 kv.m. Tutash yer uchastkasining maydoni — 1050 kv. m.
Xususiylashtirish shartlariga ko‘ra, yangi mulkdor binoda ofis va xizmat ko‘rsatish obyektlarini shaharsozlik talablariga muvofiq joylashtirishi shart.
Qo‘mita shartnoma tuzilganidan keyin uch yil ichida binoni to‘liq bo‘shatishi kerak. Yangi Toshkentda davlat idoralari uchun qurilayotgan majmua ertaroq tayyor bo‘lsa, ko‘chish muddati qisqaradi.
Auksion 18-dekabrga belgilangan bo‘lib, klassik auksion shaklida o‘tkaziladi. Sotuv davlat xususiylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda, uning doirasida vazirlik va idoralarning boshqa binolari ham bozorga qo‘yiladi.
Avvalroq barcha davlat idoralari Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi, mavjud ma’muriy binolar o‘rnida tijorat va jamoat obyektlari paydo bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.