O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi 23-dekabrga belgilangan bo‘lib, Jizzax viloyatining Forish tumanida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “O‘zatom” xabar berdi.

Loyiha yirik VVER-1000 va kichik RITM-200N reaktorlarini o‘z ichiga olgan atom elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi. Avvalroq stansiya ikkita katta va ikkita kichik energiya blokidan iborat bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.

Obyektning umumiy quvvati 2110 MVt bo‘lib, to‘liq quvvatga chiqqandan so‘ng yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish 16-17 mlrd kVt/soatni tashkil etadi, bu esa mamlakat energiya balansining 12-15% ni ta’minlaydi. Stansiyaning ishlash muddati 60 yilga mo‘ljallangan.

Qurilish davrida 13 mingtagacha, ekspluatatsiya bosqichida esa 2000 ga yaqin ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Bosh pudratchi Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik bo‘limiga kiruvchi “Atomstroyeksport” kompaniyasi hisoblanadi.