O‘zbekiston Adliya vazirligi xorijga chiqish bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlarni qo‘llash tartibiga o‘zgartirishlar kiritdi.
Endilikda aliment bo‘yicha ochiq ijro ishi yurituvi mavjud bo‘lgan fuqaro sud ijrochisiga aliment to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarni qoplaydigan sug‘urta polisi mavjudligi to‘g‘risida ariza berishi mumkin. Shundan so‘ng, chiqish cheklovining amal qilishi to‘xtatiladi.
Sug‘urta polisi faqat tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan sug‘urtalovchilarda rasmiylashtirilishi mumkin. Uning haqiqiyligi Majburiy ijro byurosi va Sug‘urta sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi axborot tizimlari integratsiyasi orqali avtomatik tarzda tekshiriladi.
Ushbu chora aliment qarzdorlariga chet elga vaqtincha — uch oygacha bo‘lgan muddatga chiqish imkonini beradi.