Adliya vazirligi “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilgani, unga ko‘ra O‘zbekistonda elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklar muomalasi to‘liq taqiqlanishi kuchga kirganini ma’lum qildi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar tamaki mahsulotlari va nikotinni yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni ishlab chiqarish, olish, saqlash, tashish, o‘tkazish, tayyorlash, olib kirish yoki olib chiqish, agar ularning muomalasi mamlakatda taqiqlangan bo‘lsa, javobgarlikni nazarda tutadi. Bunday harakatlar ko‘p miqdorda yoki ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilgan taqdirda, huquqbuzar:
- bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima;
- 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 3-5 yil muddatga ozodlikni cheklash;
- yoki 3-5-yilga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bunda shaxs huquqbuzarlik to‘g‘risida davlat organlariga o‘z ixtiyori bilan arz qilsa va taqiqlangan buyumlarni topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Ta’kidlash joizki, taqiq tamaki isitish tizimlariga taalluqli emas.