Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bo‘ylab havoning ifloslanishiga qarshi choralarni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbarining ekologik barqarorlik, qishga tayyorgarlik va yong‘in xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Xususan, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaning hisoboti eshitildi. Havoning ifloslanishiga qarshi kurashish, ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.
So‘nggi kunlarda mamlakat hududi ustida sovuq antitsiklon ta’siri kuchaymoqda. Natijada atmosfera bosimi ortadi, harorat pasayadi va inversion hodisalar kuchayadi. Bunday sharoitda mayda zarrachalar yuqoriga ko‘tarilmaydi va havoning pastki qatlamlarida to‘planadi. Meteorologik sharoitlar tufayli atmosferaning tabiiy tozalanishi sekinlashayotgani qayd etildi.
Shu yerda havoni ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash va ularning faoliyatini cheklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, issiqxona xo‘jaliklari, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat olib borayotgan obyektlar tekshirildi; ko‘chalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish choralari ko‘rildi. Reydlar va profilaktika tadbirlari kuchaytirilgan tartibda davom etmoqda.
Prezident bu ishlarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham davom ettirib, aniqlangan qoidabuzarliklarni tezkor bartaraf etish, havo sifatiga ta’sir qiluvchi barcha omillarni qat’iy nazoratga olish bo‘yicha topshiriqlar berdi.