Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
2026-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 6,6 foizni tashkil etib, aholi jon boshiga 4 686 dollarga yetadi. O‘sish sur’atlari sanoatda 6,4 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,2 foiz, bozor xizmatlari sohasida 14,5 foiz, qurilishda 10,2 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, inflyatsiya darajasi pasayishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, 2026-yil uchun konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari hajmi 515,4 trln so‘m, xarajatlari 567 trln so‘m miqdorida belgilanishi, konsolidatsiyalashgan byudjetning yalpi ichki mahsulotga nisbatan taqchilligi 3 foizni tashkil etishi, tashqi qarzning cheklangan hajmi joriy yilga nisbatan 5 mlrd dollargacha pasayishi nazarda tutilgan.
Deputatlar 2026-yilda asosiy soliq va bojxona stavkalarini avvalgi darajada saqlab qolish iqtisodiy o‘sish va soliq bazasini kengaytirish hisobiga byudjet daromadlarining o‘sishini ta’minlashga xizmat qilishiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, aholi turmush sifatini yaxshilash, fuqarolarning real daromadlarini oshirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini yillik inflyatsiya darajasidan oshirish chora-tadbirlari qo‘llab-quvvatlandi.
Loyihada kelgusi yilda ijtimoiy sohaga 220 trillion so‘m yoki jami xarajatlarning qariyb 55 foizi yo‘naltirilishi belgilangan. Davlat byudjeti mablag‘larining 25,5 foizi ta’lim va ilm-fanga, 12,1 foizi sog‘liqni saqlashga, 4,2 foizi aholini ijtimoiy himoya qilishga yo‘naltirilishi nazarda tutilmoqda.
Mahalliy byudjetlar daromadlarini ko‘paytirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlarini kengaytirish, tuman va shahar byudjetlarining daromad bazasini mustahkamlash va ularning mustaqilligini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu chora-tadbirlar hududlardagi ijtimoiy muammolarga tezroq iqtisodiy yechim topish va bu boradagi mavjud muammolarni samarali bartaraf etish imkonini berishi ta’kidlandi.
Muhokamalar jarayonida xalq vakillari davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari tomonidan byudjet mablag‘laridan samarali va oqilona foydalanilishini ta’minlash maqsadida parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, byudjet daromadlarini ko‘paytirish, soliq bazasini yanada kengaytirish, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, byudjet mablag‘laridan foydalanishda korrupsiyaviy omillar va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining chiqishlaridan so‘ng Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.