Gulistondagi kafeda gaz portlashi oqibatida 29 kishi jabrlandi, ulardan 3 nafari halok bo‘ldi. Jabrlanganlar haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumot berdi.

Voqea joyiga RSHTYIM direktori Davron To‘laganov boshchiligidagi tezkor mutaxassislar guruhi yetib borgan. Uning tarkibiga kombustiologlar, reanimatologlar, neyroxirurglar, jarrohlar, travmatologlar va mikroxirurglar kirdi. Shifokorlar jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.

Hodisa oqibatida 29 kishi tan jarohati olib, turli darajadagi kuyish va tan jarohati olgan. Shundan 26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filialiga yotqizilgan. Tibbiyot xodimlari ahvolini qoniqarli deb baholagan uch kishiga ambulator yordam ko‘rsatildi — ular uylariga javob berildi.

Idoraning aniqlik kiritishicha, uch nafar og‘ir bemor vafot etgan. Yana bir jabrlanuvchining ahvoli og‘ir, u sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Reanimatsiya bo‘limida davolanayotgan bemorlarning 5 nafari barqaror og‘ir ahvolda, hushi o‘zida, mustaqil nafas olmoqda.

Jabrlangan ikki nafar homilador ayol Respublika ixtisoslashtirilgan “Ona va bola” perinatal markazining Sirdaryo filialiga o‘tkazildi. Ularning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.

Shifoxonaga yotqizilgan bemorlarning qolgan 15 nafari ixtisoslashtirilgan bo‘limlarda davolanmoqda, ularning ahvoli barqaror.