Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shaharda aholi va transport vositalarining ko‘payishi, iqtisodiy jarayonlar yo‘l infratuzilmasiga yuklamani keskin oshirmoqda. So‘nggi yillarda poytaxtimizdagi asosiy transport magistrallarida yuklama 2 barobar oshib, 7-8 balli tirbandliklar odatiy holga aylangan.

Jamoat transportidan foydalanish ulushi hamon shaxsiy avtomobillarda yurishdan ortda qolmoqda. Bularning barchasi ekologik vaziyatga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Jahon amaliyotida yo‘l harakatini boshqarishning eng samarali usuli sifatida intellektual transport tizimi (ITS) keng qo‘llanilmoqda. Ushbu yondashuvga ko‘ra, shaharlarda harakatni nazorat qilish, tahlil qilish va rejalashtirish markazlashtirilgan va real vaqt rejimida amalga oshiriladi.

Taqdimotda shunday tizimni joriy etish uchun Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish yagona markazini tashkil etish taklifi bildirildi.

Markaz transport va piyodalar oqimini tahlil qilish va modellashtirish, intellektual transport tizimini joriy etish va boshqarish, transport va master-reja va karkasni ishlab chiqish va amalga oshirish, shahar avtoturargohlarini tashkil etish, elektromobillarni quvvatlantirish uchun infratuzilmani rivojlantirish va shaxsiy harakatlanish vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bilan shug‘ullanadi.

U intellektual transport tizimi operatori vazifasini bajaradi. Ushbu platforma kameralar, sensorlar va GPS qurilmalaridan olingan ma’lumotlarni, shu jumladan sun’iy intellekt yordamida tahlil qiladi va statistikani yuritish va tirbandliklarni bashorat qilish, yo‘nalishlarni optimallashtirish, svetoforlarning fazalarini moslashuvchan o‘zgartirish va yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lganda favqulodda xizmatlarni chaqirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tizimni joriy etish natijasida yo‘lda bo‘lishning o‘rtacha vaqti qisqarishi va favqulodda xizmatlarning YTH joyiga yetib borish tezligi oshishi, shuningdek, asosiy magistrallarda tirbandliklar va avariyalar soni kamayishi kutilmoqda.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, joriy yilning o‘zida pilot loyihani ishga tushirish, kelgusi yillarda uni kengaytirib, 2030-yilgacha hududlarga integratsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.