Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmaganlarga bank kartalarini ochishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish va ushbu kartalarni mobil ilovalarga ulashda muammolar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank holatga izoh berdi.

Regulyator boshqaruvining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga bank hisobvaraqlarini mustaqil ravishda ochishga ruxsat berildi.

Bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish maqsadida Markaziy bankning tegishli ko‘rsatmasiga asosan banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida “Yangi ro‘yxatdan o‘tish”, “Parolni tiklash” va “Hisobga boshqa qurilmadan kirish”da biometrik identifikatsiyadan (Face-ID) o‘tish mexanizmi joriy etildi.

Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga — tavakkalchiliklarni boshqarish siyosati asosida — voyaga yetmaganlar uchun mobil ilova orqali elektron to‘lovlarni taqdim etish imkoniyatini ta’minlash, shuningdek, tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘lgan operatsiyalar uchun qo‘shimcha identifikatsiya mexanizmlarini saqlab qolish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Ma’lum qilinishicha, yaqin vaqt ichida voyaga yetmaganlar bank kartalaridan banklar va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali foydalanishlari mumkin bo‘ladi.