O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarni amalga oshirish uchun mablag‘ ajratishmoqchi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qilindi.

Tegishli chora-tadbirlar “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida e’lon qilindi.

Bizning prognozlarimizga ko‘ra, farmon bo‘yicha qo‘shimcha tushum va daromadlar 2026-yilda 548 mlrd so‘mni tashkil etadi. Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya ishlamoqda, kecha-yu kunduz ishlaydigan shtab tashkil etilgan. Ishlar uch yo‘nalishda olib borilmoqda.

Kecha tizimdagi dolzarb va uzoq muddatli masalalar bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ular ilmiy asoslangan va hisob-kitoblarga tayanishi kerak. Biz reja tuzyapmiz va yangi tizim uning natijadorligini ta’minlaydi, — dedi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov.

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham muhokama qilingan masala yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

Oldimizga 900 mlrd so‘m ajratish va yil yakuniga qadar jamg‘armaga o‘tkazib berish vazifasi qo‘yildi. Byudjetning keyingi o‘qishlarida hammasi joy-joyiga qo‘yiladi, — dedi vazir.

Prezidentning 2025-yil 18-noyabrdagi qaroriga muvofiq Milliy ekologiya qo‘mitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilgan. Jamg‘arma ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan umummilliy ekologik loyihalar, tadqiqotlar va dasturlarni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan.

Unga quyidagilar kiradi:

  • 2025-yilda respublika byudjetidan 900 milliard so‘m;
  • aniq tadbirlar uchun 2026-yilda byudjetdan qariyb 550 milliard so‘m ajratiladi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab jamg‘armaga quyidagilar ham yo‘naltiriladi:

  • uglerod birliklari savdosidan olingan daromadning 20 foizi;
  • atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun jarimalar va kompensatsiyalarning muayyan qismi;
  • Import qilinadigan transport vositalari uchun to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi.