Ushbu dam olish kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida yomg‘ir, ba’zi joylarda qor yog‘ishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
5-dekabrda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va kunning birinchi yarmida Toshkent, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Mamlakatning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
O‘z navbatida, 6–7-dekabr kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat shanba kuni kechqurun va yakshanbaga o‘tar kechasi Toshkent, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi, Qoraqalpog‘istonning shimolida yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Harorat asosan 5-7 dekabrda kechasi 2° sovuq-3° iliq, kunduzi 8-13° iliq, shimolda kechasi 2-7° sovuq, kunduzi 3-8° iliq bo‘ladi.
8-dekabrda aksariyat viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi, faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechasi 2-7° iliq, kunduzi 5-10° iliq bo‘ladi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan kuchsizdan o‘rtachagacha tezlikda esadi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, 7-8 dekabrda ba’zi joylarda kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.
Toshkentda 5-dekabrda kunning birinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, 6-7-dekabrda asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 6-dekabr kuni kechqurun va 7-dekabrga o‘tar kechasi yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushadi. Harorat asosan 5-7 dekabrda kechasi 0-2° iliq, kunduzi 9-12° iliq bo‘ladi. 8 dekabr kuni yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Kechasi 3-5, kunduzi 5-7 daraja iliq bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi.