Gulistondagi kafeda sodir bo‘lgan portlash yuzasidan umumiy ovqatlanish shoxobchasining uch nafar mansabdori qo‘lga olindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Fojia 2-dekabr kuni soat 10:50 da Taraqqiyot mahallasi hududidagi Bek Family Cafe umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida sodir bo‘lgan. Gaz-havo aralashmasi alangalanib, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan holda ulangan 50 litrli suyultirilgan propan ballonidan sizib chiqishi natijasida aralashma to‘planib, portlash sodir bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkilotining mansabdor shaxslari tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 1-qismi, 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishiga va boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) 2-qismi “a,b” bandlari va 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga va boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) 2-qismi “a,b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bek Family Cafe’ning uch nafar mansabdor shaxsi qamoqqa olindi. IIV rahbari o‘rinbosari Ramazon Ashrapov boshchiligidagi tergov guruhi surishtiruv ishlarini boshladi. Ish nazoratga olinib, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinib, jamoatchilikka ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, fojiada 29 kishi jabrlangan, yana uch kishi halok bo‘lgan. Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida shifoxonada jabrlanganlar holidan xabar oldi. Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik so‘zlarini yetkazdi va ularga 100 million so‘m miqdorida moddiy yordam to‘lashni buyurdi.