Farg‘ona va Namangan viloyatlarida mahallalardagi hokim o‘rinbosarlari va yordamchilari korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani hokimi o‘rinbosari 8 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. Ushbu pul evaziga u Beshariq tumanida yashovchi fuqaro auksionda ijara huquqi asosida yutib olgan 2,4 sotix yer maydonini boshqa fuqaroga xususiy mulk qilib berishni va’da qilgan.

Namanganda mahallalardan birida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi qo‘lga olindi.

U “Yashil makon” loyihasi doirasida ajratilgan uchastkalardan birining 8 sotix yer maydonidan bir yil davomida noturar joy obekti sifatida foydalanish imkoniyatini berishni, keyinchalik esa uchastka toifasini turar joy toifasiga o‘zgartirishni va’da qildi. Xizmatlari uchun u 6 ming dollar talab qilgan. U pul olayotgan paytda qo‘lga olindi.

Yangi Namangan tumanidagi mahallalardan birida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 12 sotix yerning hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U 16 ming dollar talab qilib, 6 ming dollar olayotganda qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.