Ishlab chiqarishni Toshkentdan Sirdaryoga ko‘chirishga qaror qilgan tadbirkorga imtiyozlar beriladi. Bu haqda prezident xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashi sessiyasida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, aksariyat tadbirkorlar mehnat resurslari arzon, infratuzilma rivojlangan, yer va mol-mulk soliqlari past bo‘lgan hududlarni qidirmoqda.
Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida poytaxtdagi mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini bo‘sh yer maydonlariga joylashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Shu bois korxonasini Toshkentdan Sirdaryoga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga sanoat zonasidan yer uchastkalari soddalashgan tartibda va chegirma bilan beriladi.
Bundan tashqari, ularga 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi va temir yo‘l orqali xomashyo tashishda pasaytirilgan tariflar qo‘llaniladi.