Andijon viloyatida Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari Changan SL03 rusumli avtomobilni ko‘zdan kechirishdi, uning salonida 5 mingdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi “Regapen” tabletkasi borligi aniqlandi. Aniqlangan dori vositalari protsessual tartibda olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud bunday moddalar yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.