Buxoro viloyatining Kogon tumanida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.
6 dekabr kuni soat 09:40 larda Mustaqillik MFY hududida joylashgan SHAMS LTD kompaniyasiga qarashli tog‘-kon sanoati korxonalari uchun portlovchi moddalar ishlab chiqarish sexida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in soat 10:27 da 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji tomonidan bartaraf etilgan.
Voqea sodir bo‘lgan vaqtda sexda 30 nafar xodim bo‘lgan, ulardan 4 nafari halok bo‘lgan. Yana to‘rt nafar xodim yengil tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan 2 nafariga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi.
Komissiyalarga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish, hodisa oqibatlarini bartaraf etish, portlash sabablarini aniqlash va bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi. Korxona hududi nazoratga olingan, oqibatlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.