Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mutaxassisi Nozim Nosirov konveksiya nima ekani va u havo sifatiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida so‘zlab berdi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, konveksiya — bu oqimlarning aralashuvi natijasida suyuqlik yoki gazda issiqlik va moddaning ko‘chishi jarayonidir. Shu bilan birga, issiq qatlamlar (kamroq zichlikka ega) yuqoriga ko‘tariladi, issiqlikni olib keladigan tabiiy aylanish sodir bo‘ladi va sovuq qatlamlar (ko‘proq zichlikka ega) pastga tushadi.

Konveksiyani suvli qozonda (suv pastdan isitilganda issiq qismi yuqoriga ko‘tariladi, sovuq qismi pastga tushadi, natijada suvning butun hajmi isiydi), atmosferada, xonani isitishda (radiatorlar havoni isitadi, issiq havo yuqoriga ko‘tariladi, sovuq havo pastga tushadi), shuningdek, okean va dengizlarda kuzatish mumkin.

Atmosfera konveksiyasi — bu issiq havoning yuqoriga ko‘tarilishi va uning pastki qismidagi o‘rnini sovuqroq havo egallashi jarayonidir. Kuchli konvektsiyada havo vertikal yo‘nalishda faol aralashadi, ifloslantiruvchi moddalar tarqaladi va havo tozalanadi.

Kuchli konveksiyada yer yuzasi qiziydi, intensiv konvektiv oqimlar paydo bo‘ladi, ifloslantiruvchi moddalar va zarrachalar yuqoriga ko‘tariladi, tarqaladi va ularning yer yuzasidagi konsentratsiyasi kamayadi. Natijada havo tozaroq bo‘ladi.

Kuchsiz konveksiya paytida yer yuzasi soviydi, iliq havo ko‘tarilmaydi, konveksiya susayadi va ifloslanish yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘planadi. Natijada havoning ifloslanishi yuzaga keladi.