Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi. Prezidentning tabrigini uning matbuot xizmati e’lon qildi.

Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman. Ushbu qutlug‘ ayyomda barcha huquq va erkinliklarimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, birlik va hamjihatlik, ortga qaytmas demokratik islohotlarimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.

Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda, — dedi prezident.

Davlat rahbari “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy tamoyilning amaliy tasdig‘ini, avvalo, yanada keng vakolat va mas’uliyatlarga ega bo‘lgan milliy parlamentimiz, birinchi marta mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar rahbarlik qiladigan bo‘lgan viloyat Kengashlari, jamiyat boshqaruvida o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan mahalla instituti misolida ko‘rishimiz mumkinligini ta’kidladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga har qachongidan ham muhim ahamiyat berilmoqda. Joriy yilda “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram tadbirlarida shu yo‘lda erishilgan yutuqlar atroflicha tahlil qilinib, yangi va dolzarb vazifalar belgilab berilmoqda.

Islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi kunda biz Konstitutsiyamizning har bir normasini davlat va jamiyat hayotida amaliy faoliyat mezoniga aylantirishimiz zarur. Ayniqsa, yoshlarimizga Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish, ularni konstitutsiyaviy qadriyatlar asosida yuksak ongli va vatanparvar fuqarolar, siyosiy tafakkur va huquqiy madaniyat egalari etib tarbiyalash oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir.

Faqat Konstitutsiya va qonunlarimizga chuqur hurmat, puxta huquqiy bilim va amaliy tajriba asosidagina biz davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, Vatan va xalq oldidagi farzandlik burchimizni sharaf bilan ado eta olamiz. Shundagina Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi, bunyodkorlik salohiyati amalda yanada yorqin namoyon bo‘ladi.

Barchamiz uchun milliy mustaqilligimiz, g‘urur va iftixorimiz timsoli bo‘lgan Konstitutsiyamiz sharaflanadigan ushbu quvonchli ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor chin dildan tabriklayman. Siz, aziz yurtdoshlarimga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik va farovonlik tilayman. Konstitutsiyamiz va barcha yutuqlarimizning ijodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin! — deya tabrikni yakundladi prezident.