Toshkentda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng ko‘lamli profilaktik tadbiri davomida giyohvand moddalarni tashish bilan shug‘ullangan birinchi kurs talabalari qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki nafar talaba xolislar ishtirokida tekshirilganda, ulardan 120 gramm “alfa-pvp” sintetik giyohvandlik vositasi topilgan va musodara qilingan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tadbir davom ettirilib, 18 yoshli talaba vaqtincha yashab turgan universitet yotoqxonasi ko‘zdan kechirilganda 400 gramm “alfa-pvp” topilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ikki nafar talaba o‘z tanishlari tomonidan ko‘rsatilgan geolokatsiyalardan sintetik giyohvandlik vositalarini olib, universitet yotoqxonasida dozalarga qadoqlab, belgilangan manzillarga jo‘natgan. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 520 gramm, ya’ni bir martalik 2600 dozadagi sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Qo‘lga olinganlar Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sintetik giyohvandlik vositalari manbalari va boshqa jinoiy sheriklarni aniqlash bo‘yicha tadbirlar davom etmoqda.