“O‘zgidromet” rasmiy va xususiy havo sifati datchiklari ma’lumotlari o‘rtasidagi farqning sababini tushuntirdi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab kompaniyalar va fuqarolar tomonidan o‘rnatilgan xususiy sensorlarning ko‘rsatkichlari ishonchsiz bo‘lishi mumkin. Ularning aksariyati standartlar va texnik ko‘rsatmalarni buzgan holda o‘rnatilgan.

Noto‘g‘ri o‘rnatilgan qurilmalar atmosfera havosi holatining obyektiv manzarasini shakllantirishni qiyinlashtirdi va aholiga taqdim etilayotgan ma’lumotlar sifatiga ta’sir ko‘rsatdi. Datchik egalariga uskunani to‘g‘ri o‘rnatish va undan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi, — deyiladi xabarda.

O‘z datchiklarini o‘rnatishni rejalashtirganlar yoki uskunalarni joylashtirish qoidalarini aniqlashtirmoqchi bo‘lganlar uchun boshqarma tomonidan 9-dekabr kuni soat 10:00 dan 12:00 gacha O‘zgidrometda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. “O‘zgidromet” xodimlari fuqarolarning barcha savollariga javob berishga va’da berdi.

Air Tashkent rasmiy tizimi faqat O‘zgidrometning sertifikatlangan stansiyalari ma’lumotlaridan foydalanadi, shuning uchun uning ko‘rsatkichlari xalqaro IQAir kabi xususiy nuqtalarni ham o‘z ichiga olgan platformalardan farq qilishi mumkin, — deyiladi xabarda.