Toshkentda xususiy klinika bemorning burun operatsiyasidan oldin vafot etgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
31 yoshli X. D. klinikaga “chap tomonda kistoz gaymorit, o‘ng tomonda o‘rta burun chig‘anog‘ining bullyoz deformatsiyasi, vazomotor rinit” tashxisi bilan murojaat qilgan.
12-noyabr kuni taxminan soat 12:20 da jarrohlik amaliyoti paytida apparatlar puls yo‘qligini ko‘rsatdi. Yurak to‘xtashi natijasida biologik o‘lim qayd etildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan sud-tibbiy ekspertiza markazi poytaxt filiali morfologiya bo‘limining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, bemorning o‘limiga o‘tkir anafilaktik shok sabab bo‘lgan. O‘limning aniq sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan klinika tibbiyot xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi “a” bandi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Klinika faoliyati 6 dekabrdan to‘xtatilgan edi.