O‘zbekiston Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Serbiya, Tojikiston va Turkmaniston bilan birgalikda YXHTni natsizm va ksenofobiya ko‘rinishlariga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Bu haqda Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan berilgan bayonotda aytiladi.

Mamlakatlar hujjatda irqiy ustunlik g‘oyalari, irqchilik, ksenofobiya va ular bilan bog‘liq kamsitish shakllarining tarqalishiga qarshi kurashish uchun YXHTning barcha imkoniyatlarini ishga solish zarurligini bildirgan. Davlatlar tashkilotning amaldagi raisligi va tashkilotning ijro etuvchi tuzilmalari rahbarlarini natsistlar va ularning sheriklarini qahramonlashtirish va reabilitatsiya qilish holatlariga munosib baho berishga chaqirdi.

To‘qqiz mamlakat tashqi ishlar vazirlari irqchilik va ksenofobiya ruhidagi turli ekstremistik harakatlar va mafkuralar, jumladan, neonatsizm, uning tarafdorlari milliy yoki irqiy ustunlik g‘oyalarini himoya qilishning kuchayib borayotganini qayd etdi.

Ular natsistlar harakatini qahramonlashtirish, sobiq Vaffen-SS a’zolari va ularning sheriklarini reabilitatsiya qilish, shuningdek, ular tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlarni inkor etishga qaratilgan faoliyatga qat’iy chek qo‘yish niyatida ekanliklarini bildirdi. Mamlakatlar Ikkinchi jahon urushining tarixiy xotirasini saqlab qolish va neonatsizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif qildi.